Andijonlik xaker 2,5 yilga axloq tuzatish ishlariga mahkum etildi

Andijonda internet traffigi o‘g‘irlagan fuqaro ustidan sud hukmi o‘qildi.
Sputnik

TOShKENT, 12 mar – Sputnik. Andijonda fuqarolarning login va prollarini buzib internet traffigini o‘g‘irlagan xakerga sud hukmi o‘qildi, deb xabar qilmoqada “Daryo” nashri Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi sudyasi Ulug‘bek Jo‘rayevga asosan.

“1998 yilda tug‘ilgan fuqaro A.D. 2016-yilning mart oyidan sentabr oyiga qadar o‘zining kompyuteri yordamida Andijon shahri, Yorboshi mahallasida yashovchi 24 nafar fuqaroning login va parolini buzib, ularning internet trafigidan foydalangan va jami 4 million 471 ming so‘mlik megabaytlarni yashirin ravishda talon-taroj qilgan”, - deyilgan xabarda.

Sudda aybdor o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib qilgan ishidan pushaymon qilganini aytdi.

IIV internet tarmog‘idagi firibgarlardan ogohlantirdi

- Kollejni bitirish arafasida oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun tayyorlanish maqsadida internetdan foydalanish zarurati tug‘ildi, — deydi sudlanuvchi A.D. – Avvaliga o‘zim trafik olib ishlatdim, biroq u hech qanchaga yetmadi. Keyin turli parollarni terib, birovlarning internet tizimiga ulanishga harakat qilib ko‘rdim. Natija berdi. Keyin hech kim bilmayapti deb, ulanishda davom etaverdim Bu ishni yomon niyatda qilmaganman. Qilmishimdan pushaymonman, barchadan uzr so‘rayman, - dedi sudlanuvchi.

Sud A.D.ni Jinoyat Kodeksining 169-moddasi, 3-qismi «a» va «b» (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib sodir etilgan o‘g‘rilik) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, har oylik ish haqining o‘ttiz foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2-yil 6 oy 18 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.