Toshkentdagi maktabda kiyim almashtirish xonalarida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani aniqlandi

Poytaxtning Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport zalining o‘g‘il va qiz bolalar kiyim almashtirish xonalarida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani aniqlandi.
Sputnik

TOShKENT, 11 mar — Sputnik. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining jismoniy tarbiya kiyim almashtirish xonasida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Jizzax viloyatida vafot etgan 6-sinf o‘quvchisi bo‘yicha XTV axboroti

Xabarda qayd etilishicha, xalq ta’limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati 2019-yilning 7-mart kuni mazkur holatni o‘rganib chiqishi natijasida 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport zalining o‘g‘il va qiz bolalar kiyim almashtirish xonalarida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani aniqlandi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, kiyim almashtirish xonalaridagi kameralar demontaj etildi va bu kabi holatlarni oldini olish borasida barcha maktab rahbariyatiga tegishli ko‘rsatmalar berilgani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining jismoniy tarbiya kiyim almashtirish xonasida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.