TOShKENT, 4 mar – Spunik. O‘zbekiston harbiylari Chelyabinsk viloyatidagi Chebarkul poligonida Rossiya tank qo‘shinlarining o‘quv-mashg‘ulotlarini kuzatishdi, deb xabar qilmoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
“O‘quv-mashg‘ulotlar davomida shartli dushman aviatsiya hujumi va ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalanilganida asosiy kuchlarning harakatlari amalda ko‘rsatildi”, - deyilgan xabarda.
Mashg‘ulotning so‘nggi bosqichida harbiy xizmatchilar «T-72B» tanklari hamda «BMP-2» piyodalar jangovar mashinalaridan shartli dushmanning zirhli va jonli kuchlariga qarata o‘t ochdi. Bunda havodan «Mi-24» aviatsiya vertolotlari yordam ko‘rsatib turdi.
Tajriba almashish jarayonida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar rossiyalik tankchilar bo‘linmalarining jangovar tayyorgarligi jarayonlari, shuningdek, kechayu kunduz uchuvchisiz uchish qurilmalari va shartli diversion-razvedka guruhlariga qarshi kurashishning yangicha usullari bilan tanishdi.
Taktik mashg‘ulotlarga mingdan ortiq harbiy xizmatchi, 200 ga yaqin harbiy texnika, xususan, «Mcta-B» gaubitsasi, «Grad» zalp o‘t ochish reaktiv tizimi hamda beshinchi avlod aloqa texnikasi jalb etildi.