Namangan viloyatini kompleks rivojlantirish uchun 2,8 milliard dollarlik Dastur ishlab chiqildi

Namangan viloyatida 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 2,8 milliard dollar bo‘lgan 1 ming 400 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.
Sputnik

TOShKENT, 1 mar – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Namangan viloyati faollari ishtirokida bo‘lgan yig‘ilishda Namangan viloyatini kompleks rivojlantirish uchun 2,8 milliard dollarlik Dastur ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Mazkur dasturga asosan, Namangan viloyatida 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 2,8 milliard dollar bo‘lgan 1 ming 400 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.

Mirziyoyev Namangan viloyatidagi kamchiliklarni tanqid qildi

Qayd etilishicha, davlat rahbari ushbu loyihalar 39 mingta doimiy ish o‘rni yaratish, 1,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish va o‘zlashtirishni ta’minlashini alohida ta’kidladi. 

"Shuningdek, viloyatda “Har bir oila - tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 1 trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bu mablag‘lar hisobiga viloyatda oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangicha tizimi joriy etiladi", - deyiladi xabarda.

Namangan viloyatidagi tuman markazlarini obod maskanlarga aylantirish maqsadida har bir tumanga 20-25 milliard so‘mdan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilgan qishloqlar va mahallalarga qo‘shimcha ravishda 2 milliard so‘mdan ajratilishi ta’kidlandi.