TOShKENT, 26 fev - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqotida Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va ekologik falokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbarlari Avaza shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda Turkmanistonning ushbu jamg‘armadagi samarali raisligi mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning Orol muammosini hal etish borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlariga yangi sur’at bag‘ishlaganini qayd etishdi.
Suhbat davomida BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi o‘z faoliyatini boshlagani hamda dengizning qurigan tubida o‘rmonlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan keng miqyosli ishlar yuksak baholandi.
Orol dengizi tubidan suv chiqdi
Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar rejasi yuzasidan, jumladan, joriy yilning aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida fikr almashildi.
Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari qardosh xalqlar va mamlakatlar farovonligi yo‘lida O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.
Orol dengizining suvi qurigan hududida himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi