TOShKENT, 25 fev – Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklarida istiqomat qiluvchi ayol burger olib kelishni unutgan turmush o‘rtog‘i bilan ajrashishga qaror qildi. Bu haqda Khaleej Times xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, yigirma yashar qiz do‘stlari bilan sahroda dam olayotgan erini uyda kutib o‘tiradi.
Gap shundaki, turmush o‘rtog‘i ketishi oldidan undan restorandan o‘zi xush ko‘rgan burgerni olib kelishini iltimos qiladi. Biroq, eri uyga tunggi soat uchda, va’da qilingan taomsiz qaytadi. Bu bois u uyni tark etib, ajralish haqida hujjat topshiradi.
Advokat Hasan Al Mazruki juftlik endi ajralish masalasini sudda davom ettirishini ma’lum qildi.
“Agar xotini ajralishni talab qilishda davom etsa, berilgan qalin bekor qilinadi”, - dedi advokat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, juftliklar oilaviy hayotga real munosabatda bo‘lishganda, ajralishlar soni kam bo‘lgan bo‘lardi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Quvaytda yangi oila qurgan juftlik to‘y marosimidan keyin kelin qoqilib ketganda, kuyov uni "ahmoq" deb atagani sababli ajrashishgani haqida xabar qilgan edik. Juftlikning rasmiy nikohi atigi uch daqiqa davom etgan edi. Bu Quvayt davlati tarixidagi eng qisqa nikoh sifatida qayd etilgan.