TOShKENT, 22 fev - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida nizom”ni tasdiqladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, nizom umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktab-internatlar, sport yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
Oltin medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, chorak va yillik baholari a’lo bo‘lgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Kumush medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.