TOShKENT, 21 fev – Sputnik. “Obod qishloq” dasturini 2019-yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining rasmiy Telegram-kanalida xabar qilindi.
Qarorga muvofiq, 2019-yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida:
- 159 ta tumanda 1,6 milliondan ortiq aholi yashaydigan 478 ta qishloqlarda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi hamda mazkur chora-tadbirlar uchun4,8 trillion so‘m sarflanadi;
- umumiy uzunligi 5 ming 476 kilometrdan iborat mintaqaviy yo‘llar (ichki ko‘chalar) ta’mirlanadi va rekonstruksiya qilinadi;
- 1,3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan qishloqlar obodonlashtiriladi;
- 36 mingdan ortiq hamda umumiy uzunligi 2 ming 458 kilometr bo‘lgan tungi ko‘cha yoritish hamda 21 ta aloqa tizimi yaxshilanadi.
- 556 ta avtobekat quriladi hamda 46,3 milliard so‘mlik 189 ta zamonaviy avtobuslar xarid qilinadi;
- ichimlik suvi ta’minoti tizimini yaxshilash maqsadida 2 ming 219 kilometr yangi tarmoq hamda 221 ta suv inshooti quriladi, 729 kilometr tarmoqlar hamda 163 ta suv inshootlari rekonstruksiya qilinadi;
- 361 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan elektr va gaz ta’minoti tizimi yaxshilanadi;
- 214 ming 200 ta yakka tartibdagi uy-joylar hamda 1 ming 182 ta ko‘p xonadonli uy-joylar ta’mirlanadi;
- 378 ta ko‘p xonadonli uy-joylar hududlari obodonlashtiriladi;
- 280 ta bog‘cha, 510 ta maktab, 237 ta sog‘liqni saqlash hamda 439 ta boshqa ijtimoiy soha obyektlari quriladi;
- jami 2 ming 532 ta bozor infratuzilmasi obyektlari quriladi va ta’mirlanadi;
- 296 kilometr irrigatsiya va 1 ming 538 kilometr melioratsiya obyektlari quriladi, 584 kilometr irrigatsiya obyektlari tozalanadi.