Ikkinchi jahon urushi faxriylariga yangi medal va pul mukofoti sovg‘a qilinadi

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75-yilligi sharafiga “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 75-yilligi” esdalik yubiley medali ta’sis etiladi.
Sputnik

TOShKENT, 21 fev – Sputnik. Mudofaa vazirligi “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 75-yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida” prezident farmon loyihasini ishlab chiqdi.

Belarusda ikkinchi jahon urushi yillarida halok bo‘lgan o‘zbeklar haqida kitob chop etiladi

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75-yilligi sharafiga “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 75-yilligi” esdalik yubiley medali ta’sis etiladi.

“Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 75-yilligi” esdalik yubiley medali bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari - “1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” va “Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” medallari bilan, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun olingan boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan yoki urush qatnashchisi guvohnomasiga yoxud Vatan urushi nogironi guvohnomalariga ega bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, shuningdek Ikkinchi jahon urushi yillarida fidokorona mehnati uchun mukofotlangan.

Shu jumladan, “1941-1945 yillar Ulug‘ Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun”, “Mehnatdagi jasorati uchun”, “Mehnatda o‘rnak ko‘rsatganligi uchun” medallariga yoki 1941-1945 yillardagi urush davrida qurolli kuchlarda fuqaro shaxslarni erkin yollash bo‘yicha shtat lavozimida bo‘lganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan mehnat fronti qatnashchilari mukofotlanadilar.

Shuningdek, yuqorida keltirilgan shaxslarga 8 million so‘m miqdorda bir martalik pul mukofotini berish belgilangan.

Farmon loyihasida 2020-yil 1-fevraliga qadar yubiley medallarini topshirish topshirig‘i bayon etilgan.