Yomg‘ir va qor: O‘zbekistonga Volga bo‘yidan nam va salqin havo kelmoqda

20-21 fevral kunlari esa Volgabo‘yidan kirib kelgan nam va salqin havo respublikaning barcha hududlariga ta’sir qiladi.
Sputnik

TOShKENT, 18 fev – Sputnik. Ertaga, 19-fevral kuni O‘zbekiston hududining katta qismiga Turkmanistondan iliq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda. FVV xabariga asosan.

Faqatgina shimoliy hududlar Volga bo‘yidan kirib kelishi kutilayotgan nam va salqin havo oqimlari ta’sirida bo‘ladi. Hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi, lekin mamlakatning shimoliy viloyatlarida qor yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi 0-5 daraja iliq, kunduzi 8-13 daraja iliq, shimolda 0-5 daraja iliq bo‘ladi.

FVV Qamchiq dovonida qor yog‘ishi haqida ogohlantirdi

20-21 fevral kunlari esa Volga bo‘yidan kirib kelgan nam va salqin havo respublikaning barcha hududlariga ta’sir qiladi. Xususan, 20-fevral kunlari mamlakatning katta qismida yog‘ingarchilik bo‘ladi. Yomg‘ir, qor yog‘adi. 21-fevralda Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida qor yog‘ishi kutilmoqda. 22-23 fevral kunlari salqin havo oqimlari asta-sekin chekinishni boshlaydi.

Harorat 20-fevralda kechasi va kunduzi 0-5 daraja iliq, 21-fevral kuni kechasi 0-5 daraja sovuq, kunduzi 0-5 daraja iliq bo‘ladi. 22-fevral kuni kechasi 2-7 daraja sovuq, kunduzi 5-10 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda. 23-fevralda esa kechasi 3 daraja sovuq – 2 daraja iliq, kunduzi 7-12 daraja iliq bo‘ladi.