TOShKENT, 18 fev – Sputnik. O‘zbekistonda 2019 /2020 o‘quv yilidan boshlab test sinovlariga muhim o‘zgarishlar kiritilishi kutilmoqda. Bu haqida Davlat Test markazi tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasida aytib o‘tilgan.
Xususan, 2019 /2020 o‘quv yilidan boshlab quyidagilar taklif qilingan:
- OTMlarga kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkazish;
- eng yuqori ballning 30 % va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga test sinovlari natijalari aks etgan, 3-yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish;
- abituriyent jamlagan bali asosida uchtagacha ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish;
test fanlari ikki bo‘limga ajratib, 1-bo‘limga majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga - mutaxassislikka mos ikkita fanni kiritish;
“O‘zbek tili”, “Rus tili”, “Qoraqalpoq tili” fanlari bo‘yicha alohida yozma imtihon tashkil etish. O‘zbek va Qoraqalpoq tillarida sinovlar faqat lotin alifbosida tayyorlanadi.
Undan tashqari, ball hisoblashda OTM imtihon fanlari bloki va ketma-ketligi hisobga olinadi. Imtihonlar katta sig‘imli binolarda o‘tkazilib, javoblari imtihonning ertasi kuni DTM sayti orqali e’lon qilinadi.
Test sinovlarini to‘lov asosida o‘tkazish
Maktab va kollejlarni joriy yilda bitirgan abituriyentlar uchun test sinovlari - bepul o‘tkaziladi;
Maktab va kollejlarni oldingi o‘quv yillarida tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi 1 EKIH miqdorida yig‘im undiriladi
Davlat ta’minotidagi yetim bolalar, I va II guruh nogironlari ham bepul test sinovidan o‘tadi;
Ushbu yig‘imlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Harbiylar uchun imtiyozlar qisqartiriladi
Yangi qonun loyihasida harbiylar uchun belgilangan imtiyozlarni qo‘llash tartibiga ham bir qator o‘zgarishlar kirtish belgilangan. Xususan, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:
muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega shaxslardan iborat abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ushbu shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov asosida alohida kvotalar ajratish tartibi kiritiladi;
harbiy qism komandirining tavsiyanomasi faqat harbiy oliygohlar uchun imtiyozga ega bo‘lishi nazar da tutiladi.