Bosh prokuratura haydovchisi 7-yilga qamalishi mumkin

Piyodani urib ketgan prokuratura haydovchisi 7-yilga qamalishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 14 fev – Sputnik. Toshkentda piyodani urib ketgan prokuratura boshqarmasi haydovchisiga nisbatan jinoyat ishi ochildi, deb xabar qilmoqda Daryo nashri.

Bosh prokuratura advokatlar ta’qib etilayotgani haqidagi ma’lumotni rad etdi

Bosh prokuratura boshqarmasi haydovchisi J.A.ga nisbatan JKning 266-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, J.A. joriy yilning 24-yanvarida soat 19:15 larda xizmat yuzasidan o‘ziga biriktirilgan Lacetti 2 rusumli avtomashinani Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab yo‘lning birinchi harakatlanish bo‘lagidan boshqarib ketayotib, Shahrisabz—Taraqqiyot ko‘chalari chorrahasi piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashgan vaqtida, amaldagi «Yo‘l harakati qoidalari»ning 111-bandidagi «Tartibga solingan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilar svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yongan taqdirda ham piyodaga qatnov qismini shu yo‘nalishda kesib o‘tishni tugallashiga imkon berishlari kerak» deb ko‘rsatilgan talablariga rioya qilmagan holda harakatini davom ettirib, sekinlashish choralarini ko‘rmasdan, chorrahaning piyodalar o‘tish joyidan o‘tib kelayotgan 1960-yilda tug‘ilgan N.X.ni avtomashinaning old o‘ng tomoni bilan urib yuborgan.

YTH: ayol kishini urib, qochib ketgan haydovchi qidirilmoqda

Natijada N.X. hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari bilan, 1-sonli Respublika klinik shifoxonasiga joylashtirilgan va 29-yanvar kuni shifoxonada vafot etgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida tegishli ekspertizalar o‘tkazilib, J.A.ga JKning 266-moddasi 2-qismi bilan ayb e’lon qilingan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining ushbu moddasida - Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa – 7-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.