AQSh O‘zbekistonga mehnat bozori va mehnat kodeksini yangilashga yordam bermoqchi

Hamkorlikning yuqorida aytib o‘tilgan yo‘nalishlari hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi uchun AQSh mehnat departamentidan doimiy asosda faoliyat yurituvchi maslahatchi jalb etilishi rejalashtirilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 12 fev - Sputnik. AQSh va O‘zbekiston mehnat sohasida hamkorlik memorandumini imzolashi mumkin, deb xabar qildi Mehnat vazirligi matbuot-xizmati.

Mehnat vazirligi o‘zbekistonliklarga 413 mingta doimiy ish o‘rinlarini va’da qildi

Ta’kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasida imzolanadigan memorandumning asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston mehnat bozorida ilmiy va demografik tadqiqotlarni olib borish, turli kasblarga qisqa muddatda o‘qitishni tashkil etishda hamkorlik qilish hamda ikki davlat mehnat organlari xodimlari uchun tematikaga oid treninglar va kurslar o‘tkazishdan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, tomonlar yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi va malaka oshirish milliy tizimini joriy etishda ham hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.

Hamkorlikning yuqorida aytib o‘tilgan yo‘nalishlari hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi uchun AQSh mehnat departamentidan doimiy asosda faoliyat yurituvchi maslahatchi jalb etilishi rejalashtirilmoqda.

Amerika tomoni rejalashtirilayotgan hamkorlik yo‘nalishlariga yuqori baho berib, ularni hayotga tatbiq etishda yordam berishga to‘liq tayyorligini bildirgan.