TOShKENT, 2 fev - Sputnik. 2019-yil 31-yanvar kuni O‘zbekiston prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro aloqa guruhining navbatdagi majlisida ishtirok etdi, deb xabar qildi TIV matbuot-xizmati.
Xalqaro aloqalar guruhi 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi Afg‘onistondagi inqirozning hozirgi holati va hal etish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, Afg‘onistondagi mustahkam va uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka erishish hisoblanadi.
Ushbu tadbirda 60 dan ziyod mamlakat, jumladan AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, MDH davlatlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, NATO, Osiyo taraqqiyot banki, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining nutqida tinch siyosiy jarayonlarga ko‘maklashish, shuningdek qo‘shni Afg‘oniston milliy iqtisodiyotini tiklashda amaliy yordam berish va Afg‘oniston tomoni bilan keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston rahbariyatining sa’y-harakatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilarga faqat afg‘onlar va Afg‘oniston xalqi rahbarligida mamlakatni tinch yo‘l bilan qayta tiklash jarayonini amalga oshirish kerakligi to‘g‘risidagi O‘zbekistonning qat’iy mavqeyi ma’lum qilindi.
Majlisda ishtirok etish doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi AQShning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Elis Uells, Germaniya Hukumatining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha Maxsus vakili Markus Potsel, Buyuk Britaniyaning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili o‘rinbosari Lesli Kreyg va Fransiya TIVning Janubiy Osiyo departamenti direktori Kamil Peti bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida Afg‘onistondagi vaziyatni tezda barqarorlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va qo‘shma ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.