TOShKENT, 30 yanv – Sputnik. Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyruq loyihasini tayyorladi.
Mazkur hujjat bilan IIVning 2012-yil 1-maydagi 71-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Loyihada aytilishicha, doimiy propiskaga ega bo‘lish uchun fuqarolar davlat xizmatlari ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartibini ta’minlaydigan elektron tizim orqali murojaat qilishlari mumkin.
“Fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq, doimiy yashash joylarida propiskadan o‘tishlari va/yoki turgan joylarida hisobda turishlari shart.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinmaganligi yoki doimiy propiskada turmaganligi fuqaroga xizmat ko‘rsatishni rad etish uchun asos deb hisoblanishi mumkin emas.
Fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kunlaridan boshlab besh kun ichida doimiy propiskada turish yoki hisobga qo‘yish uchun hujjatlar taqdim etishlari shart.
16 yoshga to‘lmagan shaxslarni doimiy propiska qilish va hisobga olish ularning ota-onalari yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslarning xohishiga ko‘ra ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi”, - deyilgan hujjat loyihasida.
Buyruqqa bir nechta yangi bandlarni qo‘shish taklif etilgan. Masalan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni ro‘yxatdan chiqarish mahkumning ishonchnomasi asosida yoki uy-joy binosidan foydalanish huquqini yo‘qotganlik haqidagi sud qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
“Turar joy mulkdori o‘z oila a’zolarini va boshqa shaxslarni propiskadan o‘tkazish huquqiga ega.
Bir nechta uyga yoki kvartiraga ega bo‘lgan mulkdor ulardan faqat bittasigagina doimiy propiskadan o‘tishi mumkin.
Harbiy xizmatga majbur shaxslarni propiska qilish ular mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarda harbiy hisobga qo‘yilganlaridan keyin amalga oshiriladi. 16 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar harbiy hisobga qo‘yilishlari kerak”, - deyilgan buyruq loyihasida.
Hujjat loyihasida, fuqaroni propiska qilish, propiskadan chiqarish va hisobga olish belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ham amalga oshirilishi mumkin.
Hujjat 13-fevralgacha muhokama qilinishi rejalashtirilgan.