TOShKENT, 28 yanv – Sputnik. Shu yil mayda Toshkent hayvonot bog‘i tarkibida davlat xususiy sherikchiligi shartlari asosida “Akvanarium”, “Safari park” tashkil qilish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Bu “Hayvonot bog‘lari faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Ushbu qaror bilan Hayvonot bog‘larini yanada rivojlantirish hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlash nazarda tutilgan.
Qaror loyihasida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda 2020-yilgi Investitsiya dasturi mablag‘lari doirasida tanlov natijasiga ko‘ra iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan Samarqand hayvonot bog‘i loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratish vazifalari belgilangan.
“Samarqand hayvonot bog‘ini tashkil etishda zarur muxandislik transport infratuzilmalarning mavjudligi, ekologik sharoit, shamol esish yo‘nalishi, yer osti suvlarining sahti, katta suv havzasining yaqinligi va uning suvidan foydalanish imkoniyati, belgilangan hududda umumiy sanitariya-veterinariya holatlar kabi jihatlarini e’tiborga olgan holda yer maydoni ajratish”, - deyilgan hujjat loyihasida.
2020 yilgacha Toshkent va Termiz hayvonot bog‘larida zamonaviy zoologik laboratoriya va zoomuhandislik ilmiy majmuasini tashkil etish nazarda tutilgan.
Toshkent shahri, Surxondaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi va veterinariya yo‘nalishi bo‘yicha mavjud oliy ta’lim muassasalari talabalarining hayvonot bog‘larida amaliyot o‘tashini tashkil etish haqida topshiriq ham qayd etilgan.