TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Politsiya Moskvaning Tretyakov galereyasidan rassom Arxip Kuinjining «Ay-Petri. Krim» asarini o‘g‘irlashda gumonlanuvchi shaxsni qo‘lga oldi, deb xabar qildi RIA Novosti, Rossiya IIVning rasmiy vakili Irina Volk xabariga asosan.
Xabarda yozilishicha, 31 yoshli erkakni Moskva viloyati Odinsovo tumanining Zarechye posolkasida topishgan.
U huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga o‘g‘irlangan asarni u qo‘lga olingan joydagi qurilishi bitmagan obyektda berkitganini ma’lum qilgan.
Hozirda Rossiya JKning tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, politsiya bu voqeaga aloqador boshqa ishtirokchilar ham borligini gumon qilib, qidiruvni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvadagi Tretyakov galereyasidan mashhur rus rassomi Arxip Kuindjining asarlaridan biri o‘g‘irlangani haqida xabar qilgandik. Ushbu san’at asari 1898 – 1908-yillarda yaratilgan bo‘lib, uning o‘lchamlari 39x53 santimetrni tashkil qiladi.San’at asari qog‘ozda moybo‘yoq bilan chizilgan. Uning aniq narxi ma’lum emas, muzey tomonidan 12 mln rublga (200 ming $) sug‘urtalangani ma’lum.