Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning yirik biznesi rahbarlari bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning qaysi yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashgani ma’lum bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. Munxen shahrida Shavkat Mirziyoyev germaniyalik ishbilarmonlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvda “Siemens”, “Thyssenkrupp”, “Volkswagen”, “Knauf”, “Claas”, “MAN”, “Deutsche Bahn”, “Linde Group”, “Falk Porcshe Technik”, “Atlas International”, “Tenova”, “Giesecke & Devrient”, “Papenburg”, “Euler Hermes”, “Deutsche Bank”, “Commerzbank” kabi Germaniyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi, - deyilgan xabarda.

Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan qat’iy yangilanish va islohotlar, ayniqsa, iqtisodiyotning erkinlashtirilayotgani mamlakatimizning izchil rivojlanishi va aholi farovonligining yuksalishi uchun shart-sharoit yaratayotgani ta’kidlandi.

Germaniya kompaniyasi Toshkentda “Disneylend” qurishni rejalashtirmoqda

Germaniya dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatorida bo‘lib, ulkan savdo-iqtisodiy resurslar, keng investitsion salohiyat va ilg‘or texnologik ishlanmalarga ega davlat hisoblanadi.

O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari, yuqori darajadagi inson kapitali, uning tarmoqlangan infratuzilmasi, qulay investitsiya muhiti Germaniya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga jiddiy asos yaratmoqda.

Aytish joizki, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida Germaniya investorlari ishtirokida tashkil etilgan 110 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 30 ga yaqini to‘liq Germaniya kapitali evaziga tashkil etilgan.

Mirziyoyev va Merkel uchrashuvi: O‘zbekiston va Germaniya 8 milliard yevrolik kelishuvga erishdi

Germaniya O‘zbekistonning strategik muhim infratuzilmasini takomillashtirishda ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, Germaniyaning “MAN”, “Claas”, “Knauf” kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, Germaniya Toshkent shahridagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 50 million yevro miqdoridagi yirik loyihada ham ishtirok etmoqda va “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi, uning qulay imkoniyatlariga ham katta qiziqish bilan qaramoqda.

– Biz bu hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz, – dedi davlatimiz rahbari. – O‘zaro ishonchga asoslangan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Muloqotda O‘zbekiston va Germaniya moliya muassasalari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish hajmini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning yirik biznesi rahbarlari bilan uchrashdi