Paxta, g‘alla, meva-sabzavot va yangi klasterlar: hukumat qarori loyihasi tayyorlandi

Qaror loyihasida paxta, g‘alla, meva-sabzavot va boshqa yo‘nalishlardagi klasterlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda o‘z yechimini kutayotgan tizimli muammolar sanab o‘tilgan.
Sputnik

TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Qishloq xo‘jaligi klasterlari hamda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorladi.

Paxta, tomchilatib sug‘orish va subsidiya: prezident yangi qarori

Yangi hujjat loyihasida birinchi navbatda paxta, g‘alla, meva-sabzavot va boshqa yo‘nalishlardagi klasterlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda o‘z yechimini kutayotgan tizimli muammolar sanab o‘tilgan.

Shuningdek, paxta, g‘alla, meva-sabzavot va boshqa yo‘nalishlardagi klasterlar faoliyatini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhi tasdiqlash nazarda tutilgan.

Loyihada ishchi guruh 2019-yil 1-iyungacha klasterlar faoliyatini har tomonlama rivojlantirish va ular faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini tayyorlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish haqida topshiriq bayon etilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bir oy muddatda tijorat banklari tomonidan chet el liniyalari hisobidan ishlatilmay qolgan valyuta mablag‘larini mineral o‘g‘itlar importi uchun klasterlarga vaqtincha (xorijiy valyutada qaytarish sharti bilan) ajratish choralarini ko‘rsin”, - deyilgan hujjat loyihasida.

Shuningdek, hujjatda Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2019-yil 1-martgacha paxta xomashosini yetishtirish davrida suv bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida nasos stansiyalari boshqarmalari va suv ta’minotchilari o‘rtasida suvni yetkazib berish grafiklarini tasdiqlash to‘g‘risida topshiriq qayd etilgan.

O‘zbekistonda 2019-yilda qancha maydonga paxta ekilishi ma’lum bo‘ldi

Hujjat loyihasi 6-fevralgacha muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyi yakunida paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat talablariga ko‘ra, budjet mablag‘idan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun har bir gektar yerga 8 mln so‘m subsidiya beriladi.