TOShKENT, 21 yanv – Sputnik. Jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida erkin kurashchi Jamshid Kenjayev qotilligi yuzasidan sud boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Sh. Qilichov “Aurum 898” tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan S. Kamoliddinov ham shu klubda qo‘riqchi bo‘lib ishlagan. Shuningdek, A. Hamroyev va J. Yorqulovlar ham shunday vazifani bajargan.
“Dalillarni tekshirish tartibi belgilandi. Bu jarayon davomida sudlanuvchilar, jabrlanuvchi, guvohlar va ekspertlarning ko‘rsatmalari tinglanadi. Shuningdek, ushbu ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar tekshiriladi”, - deyilgan xabarda.
Sud jarayoni davom etmoqda. Sudning keyingi majlisi 23-yanvar soat 11.00da bo‘ladi.
Tungi klubdagi jinoyat: aslida kim aybdor?
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi “Aurum 898” tungi klubida 2018-yil 8-avgust kuni tungi vaqtda klubga kelgan mijoz va klub qo‘riqchilari o‘rtasida mushtlashuv ro‘y bergan edi. Mushtlashuv oqibatida sportchi, ya’ni erkin kurashchi Jamshid Kenjayev vafot etgan edi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tungi klubning to‘rt nafar qo‘riqchisi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.