TOShKENT, 16 yanv – Sputnik. Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi “Gazni hisobga olish priborlarini tekshiruvdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” idoralararo qaror loyihasini tayyorladi.
Ushbu qaror loyihasida O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish Davlat inspeksiyasining 2014-yil 7-iyuldagi k-3 va k-1-son qarori bilan tasdiqlangan gazni hisobga olish priborlarini tekshiruvdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Gazni hisobga olish priborlarini tekshiruvdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar:
“3. Gazni hisobga olish priborlari quyidagi oraliqda davriy tekshiruvdan o‘tkaziladi:
- sanoatda qo‘llash uchun gazlar hajmiy va massaviy sarfining hisoblagichlari, sarf o‘lchagichlari – 24 oy;
- maishiy qo‘llanish uchun gazlar hajmiy sarfining hisoblagichlari, sarf o‘lchagichlari – 48 oy;
- tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida o‘rnatiladigan hisobga olish priborlari – 120 oy.
Foydalanilmagan gazni hisobga olish priborlarining davriy tekshiruvdan o‘tkazish muddatlari o‘tib ketgan taqdirda, ulardan belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng foydalanish mumkin.
12. Gazni hisobga olish pribori tekshiruvdan o‘tkazish uchun yechib olingandan so‘ng, tegishli hududdagi gaz ta’minoti korxonasi hisobidan o‘rniga boshqa tekshirilgan hisobga olish pribori darhol o‘rnatiladi va gazni hisobga olish priborining yechib olinganligi to‘g‘risidagi dalolatnomada ko‘rsatiladi.”, - deyilgan qaror loyihasida.
Shuningdek, hujjat loyihasida qayd etilishicha, iste’molchi gazni hisobga olish pribori tekshiruvdan o‘tkazilgunga qadar hududdagi gaz ta’minoti korxonasi hisobidan o‘rnatilgan gazni hisobga olish priborining ko‘rsatkichiga muvofiq to‘lovni amalga oshiradi.
Shu bilan birga, qaror loyihasida gazni hisobga olish priborlarining yechib olinganligi to‘g‘risida dalolatnoma namunasi ilova qilingan.