Garvard universiteti bitiruvchisi Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi

Golib Xoljigitov 2001-yilda Shimoliy Arizona Universiteti (AQSh), 2004-yilda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti va 2012-yilda Garvard Universitetlarini (AQSh) tamomlagan.
Sputnik

TOShKENT, 9 yanv – Sputnik. O‘zbekiston prezidentining 7-yanvardagi qaroriga asosan Golib Ablaqulovich Xoljigitov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining direktori – O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

"Moy narxi oshmaydi": moliya vaziri paxta yog‘iga aksiz solig‘i bekor bo‘lishini aytdi

Golib Xoljigitov 1979-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy,  moliyachi, iqtisodchi. 2001-yilda Shimoliy Arizona Universiteti (AQSh), 2004-yilda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti va 2012-yilda Garvard Universitetlarini (AQSh) tamomlagan.

Moliya vazirligida ish faoliyatini 2001-yilda boshlagan. 

2004-2011 yillarda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi monopoliyaga qarshi siyosatni takomillashtirish ekspert guruhi rahbari, Markaz direktori vazifasini bajaruvchi va Markaz direktori.

2016-2018 yillarda UBS Global Wealth Management korporatsiyasining xususiy kapital va moliyaviy texnologiyalarni boshqarish masalasida avtomatlashtirish va robotlashtirish xizmatlarni joriy etish bo‘yicha loyihalar menejeri (AQSh).

2018 yildan hozirgi kungacha Golib Xoljigitov Bank of America Merril Lynch korporatsiyasining moliyaviy texnologiyalar masalalari bo‘yicha loyihalar menejeri (AQSh) lavozimida ishlagan.