O‘zbekistonda yana bir siyosiy kuch maydonga keldi

O‘zbekistonda yana bir siyosiy partiya - O‘zbekiston ekologik partiyasi paydo bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 8 yanv – Sputnik. Bugun O‘zbekistonda yana bir siyosiy kuch paydo bo‘ldi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi ta’sis etildi, deb xabar qilmoqda O‘zA.

O‘zbekiston Ekologik harakatining 250 nafar vakillari ishtirokida Toshkentdagi Xalqaro savdo markazida tashkil etilgan majlisda, O‘zbekiston Ekologik partiyasini ta’sis etish haqidagi qaror qabul  qilindi. Partiyaning Markaziy Kengashi a’zolari, Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari saylab olindi.

Davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazish nizomi tasdiqlandi

Delegatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida O‘zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihalari hamda syezdda ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.Partiyaning ramzlari tasdiqlandi.

Bu O‘zbekiston siyosiy hayotida muhim yangilik. Shu kunga qadar Respublikada 4ta siyosiy partiya mavjud edi: O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Ekologik harakati 2008-yil 2-avgustda tashkil etilgan edi. Keyinchalik Ekoharakat O‘zbekistonda eng faol jamoat tashkilotlaridan biriga aylandi. Harakatning vakolatxonalari barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ochildi. Shuningdek Ekoharakat deputatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan o‘n beshta o‘rin ajratildi. Ekoharakat rahbari - Alixanov Boriy Botirovich O‘zbekiston Oliy Majlisi spikeri o‘rinbosari lavozimiga saylandi.