Yo‘lovchi tashuvchi tadbirkorlarning qo‘shimcha litsenziya olishi talab etilmaydi

Mamlakat bo‘ylab nomuntazam, shaharlararo yo‘lovchi tashish uchun tegishli litsenziyaga ega avtobus yoki kichik avtobus xizmatlarini ko‘rsatish uchun qo‘shimcha litsenziya olish talablari bekor qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 6 yanv  — Sputnik. Shahar va shaharlararo yo‘lovchi tashuvchi tadbirkorlardan mahalliy va xorijiy fuqarolarga mamlakat bo‘ylab nomuntazam, shaharlararo yo‘lovchi tashish uchun tegishli litsenziyaga ega avtobus yoki kichik avtobus xizmatlarini ko‘rsatish uchun qo‘shimcha litsenziya olish talablari bekor qilindi. Bu haqda Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarorida aytilgan.

Yana 45 ta davlat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin bo‘ldi

Shuningdek, quyidagilar uchun qo‘shimcha litsenziya olish talabi bekor qilindi:

- mehmonxona ichida joylashgan yoki unga tegishli bo‘lgan alkogol mahsulotlari (bar, mini-bar, kafe, restoran) sotuvi bilan shug‘ullanadigan umumiy ovqatlanish obyektlari va savdo nuqtalari uchun alohida ruxsat guvohnomasi;

- aeroportdan, temir yo‘l/avtoyo‘l vokzallaridan mehmonxonaga va undan qaytishga, shuningdek, turizm obyektlariga o‘zining ijarachilari transport xizmatlarini ko‘rsatishi uchun litsenziya.

Shu bilan birga, 2019–2021 yillar davomida har yili 1-fevralga qadar Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 5 million  dollar ekvivalentidagi pul mablag‘lari o‘tkazib boriladi.

Namunaviy, shu jumladan tarmoqli loyihalar asosida zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish uchun 80-100 kvadrat metr o‘lchamda yer uchastkalarini elektron auksionga qo‘ymasdan olish uchun tadbirkorlarga ustuvorlik huquqi taqdim etiladi.

2022 yil 1-yanvariga qadar olib kiriladigan turistlar tashrif buyuradigan joylarga o‘rnatiladigan antivandal sanitariya-gigiyena shoxobchalari, shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlari, muzeylar, teatrlar, galereyalar va belgilangan tartibda shakllantirilgan ro‘yxatdagi muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, turniketlar, dasturiy ta’minot, to‘lovni amalga oshirish – ma’lumot olish terminallari, videokuzatuv uskunalari bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.