Rossiya vizasiz migrantlarga yangi tartib joriy etmoqchi

Rossiyaga vizasiz davlatlar, jumladan, O‘zbekistondan kirib keladigan migrantlar, belgilangan 30 kalendar kuni o‘tgach, yetti ish kuni davomida barmoq izlari topshirishlari kerak bo‘ladi
Sputnik

TOShKENT, 4 yanv - Sputnik. 2019-yil 1-iyuldan boshlab Rossiyaga vizasiz davlatlar hududlaridan kirib keladigan migrantlar uchun fotosuratga tushish va barmoq izlarini topshirish jarayoni amalga kiritiladi.

Moskvada patent narxi oshdi

RF IIV xabar berishicha, qonunchilik loyihasiga ko‘ra, Rossiyaga vizasiz tartibda kirib keladigan chet el fuqarosi belgilangan 30 kalendar kunidan so‘ng, 7 ish kuni davomida IIVga o‘zining vaqtinchalik mamlakatda bo‘lib turgani haqida bildirish yuborishi shart.

Tegishli bildirish hujjatlarini taqdim etayotgan chet el fuqarosi majburiy etib belgilangan davlat daktiloskopik ro‘yxatiga olinadi va fotosuratga tushish jarayonidan o‘tadi.

Ayni vaqtda daktiloskopiya ro‘yxatidan: Rossiyaga boshpana izlab kelgan, RF fuqarosi etib tan olishni yoxud Rossiya fuqaroligiga qabul qilishni so‘rab ariza bergan, shuningdek, vaqtinchalik yashashga yoki patent olishga ruxsat so‘ragan chet el fuqarolarigina majburiy tartibda o‘tkaziladi.

Ilgariroq, Rossiya IIV migratsiya bosh boshqarmasi Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini kesib o‘tish punktlarida yoxud chet el fuqarosi kirib kelganidan so‘ng, mamlakat hududida daktiloskopiyadan o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.