TOShKENT, 4 yanv - Sputnik. Moliya vazirligi qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilingan mahalliy mahsulotlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Go‘sht, tuxum, shakar, guruch va boshqa mahsulotlar QQSdan ozod qilingan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritildi.
QQSdan ozod qilingan mahsulotlar ro‘yxati:
go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (chorva, tovuq) va ularni so‘yishdan keyingi mahsulotlar; baliq; kartoshka; piyoz; tuxum; guruch; shakar; non mahsulotlari (ishlab chiqarishda va sotishda).
Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov shu kunlarda jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekistonda 2019-yilda narxlar keskin oshishiga olib keluvchi ichki xatarlar mavjud emasligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq ijtimoiy tarmoqlarda 20% miqdorda QQS ko‘rsatilgan kassa cheki qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Korzinka.uz ta’sischisi Zafar Xashimovga ko‘ra, iste’molchilar avval ham tovar narxiga qo‘shilgan bu soliqni to‘lashgan. Farqi shundaki, QQS miqdori yil boshidan boshlab chekda ko‘rsatila boshlagan.