"Ko‘rshapalak uyasi": O‘zbekistonda yangi moliyaviy piramida ommalashmoqda

Keyingi oylarda avom orasida, bozorlarda, choyxonalarda hech kim tanimagan, ilgari hech kim ko‘rmagan odamlarning ko‘rshapalak uyasi sotib olayotganliklari haqida gap-so‘zlar bolalamoqda
Sputnik

TOShKENT, 2 yanv - Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Feysbuk sahifalarida yangi moliyaviy piramida — ko‘rshapalak uyasi ommalashmoqda.

Moliyaviy piramida qurboniga aylanmaslik qoidalari

Telegrammdagi "Davletov.uz" kanali xabariga ko‘ra, keyingi oylarda avom orasida, bozorlarda, choyxonalarda hech kim tanimagan, ilgari hech kim ko‘rmagan odamlarning ko‘rshapalak uyasi sotib olayotganliklari, bu orqali katta pul ishlash mumkinligi borasida ajabtovur gaplar paydo bo‘lmoqda.

"Oldindan ogohlantiramiz: bu moliyaviy piramida. Bu kabi oldi-sotdi obyekti qobig‘ida o‘ralgan chalg‘ituvchi piramidalar ilgari giralar va tikuv mashinalari misolida namoyon bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rshapalak uyasi ham, girya ham, eski tikuv mashinalari ham qiymat manbai emas, ularni sotib olish orqali iqtisodiy, numizmatik yoki tarixiy qo‘shimcha qiymat yaratilmaydi.

Sovun pufagi singari shishiriladigan bu kabi sxemalardan faqat piramida fundamentida turganlargina manfaatdor bo‘ladilar, piramida hayotining qolgan barcha bosqichlarida qo‘shilganlar faqat qurbon bo‘lish funksiyasini bajaradilar", - deb ogohlantiriladi xabarda.