2018 yilda O‘zbekiston mudofaa salohiyatini oshirish, qo‘shinlarning jangovar shayligini yuksaltirish, milliy armiyani zamonaviy harbiy-texnika va qurol-aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, O‘zbekiston prezidentining 4-avgustdagi qaroriga ko‘ra, armiyada tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi joriy etilib, harbiy psixolog, sotsiolog lavozimlari kiritildi, Qurolli Kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida Mudofaa vazirligi Sport klubi a’zolari 10 ta oltin, 12 ta kumush hamda 11 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Toshkentdagi "Universal" sport majmuida MDHga a’zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasidagi armiya qo‘l jangi chempionatida O‘zbekiston harbiylari jamoasi 5 ta oltin medal bilan birinchi o‘rinni qo‘lga qiritdi.
Birinchi marta O‘zbekiston va Tojikiston respublikalari qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida Tojikiston hududida hamkorlikda "Jangovar hamdo‘stlik—2018" o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda birinchi marta MDHga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kenashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo‘shin razvedkachilari o‘rtasida o‘tkazilgan «Kembriya patruli» xalqaro tanlovida birinchilikni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlaridan tarkib topgan "Sharq yulduzi" terma jamoasi Moskvada bo‘lib o‘tgan «Mudofaa vazirining KVN kubogi» xalqaro festivalida ishtirok etib, 2-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning farmoyishiga binoan Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tarixda birinchi marta o‘quv signali bo‘yicha yuqori jangovar shaylikka keltirildi.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Global Firepower tomonidan tuzilgan, 136 mamlakat qurolli kuchlari ishtirok etgan dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida 9 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, 39 o‘rinni egalladi.