Mudofaa vazirligi "Selfi" tanloviga start berdi

Tanlovda barcha o‘zbekistonliklar ishtirok etishlari mumkin
Sputnik

TOShKENT, 27 dek - Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi "Vatanparvarlik mavzusida eng yaxshi selfi" tanlovini boshladi. Unda barcha O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot-xizmati.

Mirziyoyev Vatan himoyachilari kunini nishonlash haqida farmoyish imzoladi

Yuborilayotgan fotosuratlar O‘zbekistonga cheksiz muhabbat, sadoqat, mamlakat tarixi va buguni uchun kuyunchaklik tuyg‘ularini, yurtni himoya qilishga bo‘lgan intilish, shuningdek axloqiy va siyosiy prinsiplarni o‘zida aks ettirishi kerak. 

Harbiy texnika, harbiy qism va muassasalar, shuningdek, boshqa harbiylashgan obyektlar fonida suratga tushish ma’qullanmaydi.

Fotosuratlar elektron va chop etilgan nusxalari "Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasiga" yozuvi bilan Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 100-uy manzili bo‘yicha yuborish so‘ralgan.

Fotosuratlar hajmi 20x30 sm; formati JPEG bo‘lishi talab etiladi

Fotosuratlarga 3x4 sm o‘lchamdagi muallifning rangli fotosurati; ro‘yxatdan o‘tgan turar joyi bilan pasport nusxasi; qisqa tarjimai xoli ilova qilinishi lozim.

"“Eng yaxshi selfi" egasi 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida aniqlanishi va g‘olibga qimmatbaho sovg‘a taqdim etilishi aytilmoqda.

Materiallar 2019-yilning 5-yanvariga qadar qabul qilinadi, deyilgan xabarda.