TOShKENT, 27 dek — Sputnik. Chet el fuqarolariga 2019-yilda Rossiyada yengil avtomobil haydovchisi bo‘lib ishlashga ta’qiq qo‘yilishi mumkin, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
RF Davlat dumasining transport va qurilish masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Yevgeniy Moskvichev deputatlar bunday tashabbusni 2019-yilda ilgari surishlarini ma’lum qildi.
"Eslatib o‘taman, biz taksi to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qilishda qabul qilgandik, umid qilamanki, 2019-yilda yengil taksi to‘g‘risidagi qonun ustida yana ishlaymiz va oxirgi variantda qabul qilamiz. Yana takrorlayman, bu qonunda deputatlar tomonidan kiritilgan, Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan chet ellik haydovchilarga yengil taksida ishlashni ta’qiqlash to‘g‘risidagi taklif va tuzatishlar bo‘ladi", - deb Moskvichev so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda uning matbuot-xizmati.
Dekabr oyida Davlat dumasi tomonidan taksi agregatorlari haqidagi qonun loyihasi birinchi o‘qilishda qabul qilingan edi. Hujjat muhokamasi mobaynida qonunchilik tashabbusini keyinchalik yanada takomillashtirish masalasi ko‘tarilgan edi.
Ushbu ta’qiq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar fuqarolariga ham taalluqli bo‘lish-bo‘lmasligi hozircha ma’lum qilinmayapti.