TOShKENT, 23 dek – Sputnik. Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida o‘rta maktab o‘quvchisi S.A. ayolning uyiga bostirib kirib, unga pichoq bilan jarohat yetkazdi, deb xabar qildi IIV matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, 22-dekabr kuni Darxon MFYda yashovchi, o‘rta maktabning yuqori sinf o‘quvchisi, S.A. yuziga niqob kiygan holda pichoq bilan qurollanib, fuqaro N.A. (ayol)ning uyiga bostirib kirib, uni kurak qismiga pichoq urib, jarohat yetkazib, 294 ming so‘m pul va hisobida puli bo‘lmagan bank plastik kartochkasini olib voqea joyidan yashiringan.
Natijada N.A. kasalxonaga yotqizilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida S.A. ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.