Qirg‘iziston ayollarga kichik yoshdagi farzandlarini tashlab chetga ketishni ta’qiqlamoqda

Ota-onalarning mas’uliyatsizligiga qarshi kurash vositasi sifatida amaldagi qonunchilikka o‘zgartishlarni kiritish rejalashtirilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 18 dek — Sputnik. Agar Qirg‘izistonda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar kuchga kirsa, ota-onalar uch yoshgacha bo‘lgan farzandlarini uch oydan ortiq muddatga tashlab keta olmaydilar, deb ta’kidladi "Huquq markazi" jamoatchilik fondi direktori Gulnora Sheyshekeyeva.

Toshkentda farzandini sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi

Sheyshekeyeva Sputnik Qirg‘iziston multimedia matbuot-markazida "Qirg‘izistondagi migrantlarning farzandlarini qanday himoya qilish mumkin" mavzusida o‘tkazilgan doira suhbatida chiqish qildi.

Sheyshekeyevaning so‘zlariga ko‘ra, agar ota-onalar chet davlatga pul topish ilinjida chiqib ketsalar, ular ishonchnoma imzolashlari kerak bo‘ladi. Ushbu hujjatning amal qilish muddati aniq belgilanadi.

"Uch yoshgacha bo‘lgan bolaga ishonchnoma muddati 3 oygacha, kattaroq yoshdagi bolalarga - yarim yilgacha etib muddat belgilashni mo‘ljallamoqdamiz", - deb qayd etgan ayol.

Rejaga muvofiq, ishonchnoma muddatini masofadan turib uzaytirish mumkin. Agar ota-onalar chet elda uzoq qolib ketadigan bo‘lsa, shu bilan birga ularda o‘z farzandlarini birga olib ketishga imkoniyat bo‘lmasa, bolalarni boshqa oilaga doimiy vasiylikka topshirish kerak bo‘ladi.