Mirziyoyev O‘zbekistonda malakali kadrlar yetishmasligi haqida bayonot qildi

Mirziyoyev kadrlar masalasi "bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz", deb qayd etgan
Sputnik

TOShKENT, 18 dek - Sputnik. O‘zbekistonda 1000 ga yaqin xorijiy olimlar va ekspertlarni jalb etishga talab bor. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni o‘tkazilgan zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bayonot qildi.

O‘zbekiston TIV va MDXMI kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi

"...Hozirgi tizimli o‘zgarishlar jarayonida aksariyat mutaxassislarning bunga tayyor emasligi, ularning bilimi, malakasi va ko‘nikmasi zamon talabiga javob bermasligi ayon bo‘lib qoldi. Masalan, xorijda doktorantura va magistraturada o‘qitish, malaka oshirish va stajirovkani tashkil qilish bo‘yicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortiq. Yurtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajriba ega 600 nafardan ziyod vatandoshlarimizga ehtiyoj mavjud. 1000 ga yaqin xorijiy olimlar va ekspertlarni jalb etishga talab bor.

Ya’ni, bugun kechiktirib bo‘lmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa bu raqam kamida 50-100 baravarga oshadi", - deb aytgan Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtayi nazaridan mamlakatga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi, shuni hozirdan chuqur o‘ylash, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalash zarurati haqida ham qayd etib o‘tgan.

"Bu masala bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz", – degan Mirziyoyev. 

 

Vazirlar Mahkamasiga "El-yurt umidi" jamg‘armasi bilan birgalikda barcha vazirlik va idoralar kesimida xorijda kadrlar tayyorlash, stajirovkasini tashkillashtirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi kimlarni xorijga yuborishi ma’lum bo‘ldi

Oliy ta’lim vazirligi, "El-yurt umidi" jamg‘armasiga kadrlarni xorijga yuborish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab, tanlov e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berildi. 

Jamg‘arma Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda xorijda qimmatli tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlarimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirib borishi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatlar va mutaxassisliklar kesimida vatandoshlar to‘g‘risida ma’lumotlar reyestrini tezroq ishga tushirishi zarurligi qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatga jalb etilayotgan har qanday xorijiy investitsiyaning ma’lum bir qismini malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirish kerakligini alohida ta’kidladi.