Nasriddinov: Uzbekistan GTL qishloq xo‘jaligi va aviatsiya taraqqiyotiga xizmat qiladi

Hozirda bunday zavodlar dunyoda atigi beshta, O‘zbekiston Sho‘rtanidagi oltinchisi bo‘ladi. Ushbu loyiha O‘zbekiston uchun qanday foyda keltirishi haqida Sputnik muxbiriga zavod moliyaviy direktori so‘zlab berdi
Sputnik

TOShKENT, 15 dek - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Qashqadaryoda qurilayotgan, MDH mintaqasida birinchi bo‘lgan yuqori texnologiyalarga asoslangan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi O‘zbekiston uchun istiqbolda qanday afzalliklar berishi haqida zavodning moliyaviy direktori Nodirbek Nasriddinov Sputnik muxbiriga bergan intervyusida so‘zladi.

"O‘zbekneftgaz" sintetik suyuq yoqilg‘i zavodi uchun 2,3 mlrd dollar jalb qilmoqda

Nasriddinovning aytishicha, mazkur ulkan loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard AQSh dollarini tashkil qilishini, uning amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YeVRO-5 standartlariga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqariladi.

"O‘zbekneftgaz" har yili 1 milliard dollarlik neft mahsulotlarini chetdan import qiladi. Qurilayotgan zavod mana shu import o‘rnini bosadi. Qolaversa, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun ko‘p miqdorda dizel yoqilg‘iga ehtiyoj sezamiz. Ushbu loyiha esa bu sohani rivojlantirishga katta yordam beradi", - dedi u.

Suhbatdosh so‘zlariga ko‘ra, "Uzbekistan GTL" loyihasi tufayli O‘zbekistonda aviakerosin ishlab chiqarilishi ta’minlanadi.

Nasriddinov: Uzbekistan GTL qishloq xo‘jaligi va aviatsiya taraqqiyotiga xizmat qiladi

"Bu o‘z navbatida aviatsiya, fuqaro aviatsiyasi rivojlanishiga turtki bo‘ladi. O‘zbekiston hozirda dunyoga ochilmoqda, mamlakatimizga ko‘plab turistlar kelmoqda, shu bois, biz Yevro-5 standartlariga javob beradigan mahsulotimizni O‘zbekiston havo yo‘llari kompaniyasiga yetkazib berishni rejalashtirayapmiz", - deb qayd etdi zavod moliyaviy direktori.

GTL yoki "gazdan suyuqlik" texnologiyasiga asoslangan yuqori texnologiyali chiqarishlar dunyo bo‘ylab sanoqlidir. Ular Janubiy Afrika Respublikasi, Malayziya va Qatarda mavjud. Mana endi shunday loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda.

Zavod dunyodagi yetakchi litsenziar kompaniyalar – "Sasol" (JAR), "Xaldor Topse" (Daniya) va "Shevron" (AQSh) texnologiyasi asosida barpo etilmoqda.

Qurilish ishlari bosh pudratchi – Koreya Respublikasining "Hyundai Engineering Co. Ltd." va "Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd", Singapurning "Enter Engineering Pte. Ltd." kompaniyalari tomonidan olib borilmoqda.