Mirziyoyev joylardagi ijro organlarini tanqid qildi

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, mehnatsiz, mashaqqatsiz O‘zbekiston aholisining turmush tarzini yaxshilash borasida natijaga erishib bo‘lmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Qarshi shahrida 14-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida viloyat va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari joylardagi ijro organlarini sustkashlikka, jamoatchilik ulardan talab qilishda befarqlikka yo‘l qo‘yayotgani uchun tanqid qildi.

“Xalqimiz yaxshi yashashini, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqishni istaymiz. Lekin hech kim mehnatsiz, mashaqqatsiz natijaga erishmagan, erisholmaydiyam! Prezident kelib yo‘nalish beradi, vazifa qo‘yadi. Ularni kim amalga oshiradi? Odamlar qachon uyg‘onadi? Biz ancha narsada kechikkanmiz. Agar endiyam uyg‘onmasak oldimizga qo‘ygan katta maqsadlarimizga yetolmaymiz. Birov kelib biz uchun hech narsa qilib bermaydi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident dunyodagi raqobatga munosib bo‘lish, birni ikki qilish uchun har bir rahbar, har bir yosh har kuni o‘qishi, o‘zini qiynashi, izlanishi kerakligini ta’kidladi.