Qo‘l qovushtirib o‘tiribsizmi: Nig‘matilla Yo‘ldoshev uchta vazirlikka savol yo‘lladi

Senator bolalarning sog‘lig‘i, hatto ular hayotiga xavf soladigan, surunkali kasalliklarni keltirib chiqaradigan bu muammoni bartaraf etish bo‘yicha Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari qanday tashabbus yoki talab bilan chiqqaniga qiziqdi
Sputnik

TOShKENT, 13 dek - Sputnik. Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qoniqarli emasligi aniqlandi, dedi Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev O‘zbekiston Oliy majlisi Senatining 17-yalpi majlisi yig‘ilishida. 

Artikxodjayev Yunusobod "raygaz" rahbarini majlis zalidan nega quvib yubordi?

"Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari borishini o‘rganish va mavjud kamchiliklarni hal etishda ko‘maklashish maqsadida, joylarda bo‘lganimizda, ijtimoiy, xususan, ta’lim va sog‘lini saqlash muassasalaridagi ahvolni yaxshilash bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari, tegishli vazirlik va idoralarga takliflar, zarur paytda ko‘rsatmalar va amaliy yordamlarni ham muntazam berib keldik. Biroq, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdi-ki, mazkur hududlardagi 167ta maktab mo‘rili cho‘yan va qo‘lbola pechkalar bilan isitilmoqda", - dedi senator.

Yo‘ldoshev "boshqa viloyatlarda ham ahvol bundan yaxshiroq ekanligiga hech kim kafolat bera olmaydi", deya qo‘shimcha qildi.

Senator bolalarning sog‘lig‘i, hatto ular hayotiga xavf soladigan, surunkali kasalliklarni keltirib chiqaradigan bu muammoni bartaraf etish bo‘yicha Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari qanday tashabbus yoki talab bilan chiqqaniga qiziqdi.

"Agar bunday tashabbuslar misol uchun, moliya vazirligiga kiritilgan bo‘lsa, bu vazirlik qanday choralarni ko‘rdi? bu holat ertaga mudhish oqibatlarni keltirib chiqarmasligiga kim bugun kafolat beradi?", - deya vazirliklarga savol bilan murojaat etdi Senat raisi.

Yo‘ldoshev, shuningdek, is gazidan zaharlanish holatlari bo‘yicha xabarlar tez-tez tarqalayotganini eslatib o‘tdi.