Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalarimizni e’tiborsiz qoldirmoqda - Senat raisi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Senat tomonidan yuborilgan tavsiyalarni e’tiborsiz qoldirishi oqibatida, ruhiy xasta odamlar tomonidan mudhish jinoyatlar sodir etilishining oldi olinmayapti, deb bayonot qildi Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev.
Sputnik

TOShKENT, 13 dek - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev mamlakat psixiatriya muassasalarida bemorlarni davolash va parvarishlash sohasida olib borilayotgan ishlar holati o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Toshkent shahrida ruhiy xasta ayol talaba yigitni pichoqladi

"O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, joylarda ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash va ularga o‘z vaqtida sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari sust olib borilmoqda. Psixiatriya muassasalarini malakali kadrlar, tegishli dori-darmonlar, oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlash borasidagi muammolarni hal etishga kompleks yondashuv mavjud emas", - dedi senator.

Yo‘ldoshev so‘zlariga ko‘ra, majburiy davolashda sifat va samaradorlikka erishish uchun hududlararo muassasalar sonini ko‘paytirish, ularni talab darajasida jihozlash, malakali kadrlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari va mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziriga yuborilgan taklif va tavsiyalar e’tiborsiz qolmoqda.

"Oqibatda, ruhiy holatida buzilish mavjud bo‘lgan shaxslar tomonidan mudhish jinoyatlar sodir etilmoqda", - deydi Yo‘ldoshev.

Joriy yilda Respublika bo‘yicha Sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turgan 33 nafar shaxs tomonidan qasddan odam o‘ldirish, qasddan tanga og‘ir shikast yetkazish, nomusga tegish, o‘g‘irlik, bezorilik va boshqa jinoyatlar sodir etilgan. Birgina Qoraqalpog‘istonda ikki nafar tajovuzkor ruhiy kasal o‘z turmush o‘rtoqlarini hech bir sababsiz qasddan o‘ldirgan.

Shaxs o‘z joniga qasd qilsa, u yashaydigan hududdagi psixiatriya ambulatoriyasiga xabar beriladi

"Misol uchun To‘rtko‘l tumanida yashovchi fuqaro Niyozimbetov, shu yil 26-mart kuni uxlayotgan turmush o‘rtog‘i Aybibi Niyozimbetovani hech bir sababsiz boshiga bolta bilan urib o‘ldirdi. Qoraqalpog‘istonda bunday ruhiy kasallarni majburiy davolash muassasasi mavjud emas. Shunday bir holatda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hech bo‘lmaganda Nukus shahridagi 340 o‘rinli ruhiy kasallarni ixtiyoriy davolash muassasalari tarkibida bunday kasallarni majburiy davolashga ixtisoslashtirilgan bo‘lim tashkil etib, bu kabi mudhish oqibatlarni oldini olsa bo‘lar edi-ku", - deb xulosa qildi senator.

Eslatib o‘tamiz, bugun 13-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n yettinchi yalpi majlisi ochildi.