O‘zbekistonda qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar kontrabandasi aniqlandi

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 246-moddasiga asosan bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib, deklaratsiyasiz qurol-yaroq va o‘q-dorilarni bojxona chegarasidan o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Sputnik

TOShKENT, 12 dek – Sputnik. Toshkent viloyati “Navoiy” chegara bojxona posti hududidagi chiqindilar qutisiga noma’lum shaxs tomonidan 2 dona qora “PM49” rusumli (gazoviy pistolet) to‘pponchalar tashlab ketilganini aniqlandi, deb xabar qildi bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

O‘zbekistonda 2019-yil 1-yanvardan boshlab bojxona yig‘im stavkalari o‘zgaradi

Yana bir holatida ushbu post orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro B.R.ga tegishli avtomashina bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtomashina salonining pol qismidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rov davomida aytilmagan polietilen idishga solingan umumiy og‘irligi 10 kilogramm 4 mm.li ov miltig‘i sochma o‘qlarini O‘zbekistonga olib o‘tayotganligi aniqlandi.

“G‘ishtko‘prik” chegara postiga kirib kelgan fuqaro G.Z.ning qo‘l yuklari orasida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 11 dona 12 kalibrlik gilza, 2 dona yelim idishda og‘irligi 3,2 kg. bo‘lgan qo‘rg‘oshin o‘qlar hamda 1 dona polietilen paketda 231 gr. bo‘lgan probkalarni qo‘shni davlatdan olib kirayotgani to‘xtatib qolindi.

Dron, viski va oyoq qismiga skotchlab yashirilgan telefonlar: bojxona tekshiruvi

Aynan shu post xodimlari tomonidan qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro M.Ya. ga tegishli bo‘lgan “Shevrolet Lacetti” rusumli avtoulov xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, avtoulov salon qismidagi magnitofon ostida joylashgan tortmasidan 1 dona 9 mm.li tashqi ko‘rinishidan “Makarov” to‘pponchasi uchun mo‘ljallangan jangovar o‘q borligi aniqlandi.

Toshkent xalqaro aeroportida ham shunga o‘xshash holat fosh qilindi. Kaliningradga parvozi oldidan xorijiy fuqaro Ch.I. ning qo‘l sumkasi nazorat tartibida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ichida jami 4 dona patron borligi aniqlandi.

“Yo‘lovchi ushbu patronlarni go‘yoki esdalik sovg‘a sifatida olib ketayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, bu uni javobgarlikdan ozod qilmaydi. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom etmoqda”, - deyilgan bojxona qo‘mitasi xabarida.