O‘zbekistonda 7 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi – prezident

Shavkat Mirziyoyev tabiat injiqliklariga qaramasdan yetishtirilgan hosil uchun dehqon va fermerlarga minnatdorlik bildirdi.
Sputnik

TOShKENT, 9 dek – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev dehqon va fermerlarni O‘zbekistonda ilk bor nishonlanayotgan kasb bayrami bilan tabrikladi, prezident matbuot xizmatiga asosan.

Tabrik so‘zidan prezident bu yil og‘ir kelgan tabiiy sharoitlarni qayd etib o‘tdi.

“Haqiqatan ham, tabiat injiqliklari – bahorning quruq kelgani, kutilmagan jala va bo‘ronlar, yoz faslidagi kuchli suv tanqisligi, jazirama issiq, turli hasharot va kasalliklar ekin-tikinlarga katta xavf tug‘dirgani, kuzda esa yog‘in-sochinlarning barvaqt boshlangani mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi xodimlarini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi,- dedi prezident.

Ushbu murakkab sharoitlarga qaramasdan, dehqonlarning mardona mehnati bilan umumiy qiymati 58 trillion 181 milliard so‘m ($ 7 mlrd. ko‘proq) hosil yetishtirilganini ham aytib o‘tdi.

“Yurtimiz bo‘yicha 6 million 124 ming tonna g‘alla, 2 million 300 ming tonna paxta, 8 million 661 ming tonna sabzavot, 2 million 411 ming tonna kartoshka, 1 million 607 ming tonna poliz mahsulotlari, 2 million 100 ming tonnaga yaqin meva, 1 million 314 ming tonna uzum, 18 ming tonna pilla, 1 million 789 tonna go‘sht, 7 million 830 ming tonna sut tayyorlashga erishganingiz tahsinga loyiq”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘z tabrik so‘zida prezident shuningdek dehqonlarga berilayotgan kreditlar miqdori 142 %ga oshgani, “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 416 ta qishloqlarda obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani va 2 millionga yaqin aholi uchun yangi uy-joylar, tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi tarmoqlari, ravon yo‘llar, maktab va bog‘chalar, shifo maskanlari, madaniyat va sport inshootlari qurilayotganini aytib o‘tdi.