RJD “Qozon – Toshkent” yo‘nalishida poyezdlar qatnovini boshladi

"Qozon - Toshkent" yo‘nalishidagi RJDning birinchi poyezdi 11-dekabr kuni yo‘lga chiqadi.
Sputnik

TOShKENT, 9 dek – Sputnik. Rossiya Temir yo‘llari (RJD) 11-dekabrdan “Qozon – Toshkent - Qozon” yo‘nalishida poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘ydi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.

"2018/2019 yilgi poyezdlar qatnovi yangi jadvali 9-dekabr soat 00:00 dan boshlab kuchga kirdi. Unga ko‘ra, bir necha xorijiy yo‘nalishlarga, jumladan Toshkentga ham doimiy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan", - deyilgan xabarda. 

Yangi jadvalga ko‘ra “Qozon – Toshkent” va “Toshkent – Qozon” yo‘nalishlarida poyezdlar haftasiga bir marotabadan qatnaydi. Poyezdlar Qozondan seshanba kunlari, Toshkentdan - shanba kunlari yo‘lga chiqadi.

316F, Qozon – Toshkent 23:55 – 05:00 (yo‘lda 3 sutka 3 soat 5 daqiqa)    

315 F, Toshkent  - Qozon 03:50 – 06:10 (yo‘lda 3 sutka 4 soat 20 daqiqa)

Shuningdek, RJDning 2018/2019 yilga yangi jadvaliga “Tomsk – Karaganda”, “Minsk – Kazan” kabi yangi yo‘nalishlar ham kiritilgan. Undan tashqari Rossiya kompaniyasi Finlyandiya, Germaniya, Fransiya, Polsha, Avstriya, Chexiya, Italiya va Xitoy bilan temiryo‘l qatnovlarini amalga oshiradi.