O‘zbekistonda vaqtinchalik mehnat patenti joriy etilishi mumkin

O‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarni vaqtinchalik mehnat patenti uchun to‘lovni amalga oshirgan davri mehnat stajiga kiritish nazarda tutiladi.
Sputnik

TOShKENT, 7 dek – Sputnik. “2019 yilda aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish Davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Mehnat vazirligi norasmiy mehnatga qarshi kurashmoqchi emas

Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda o‘z-o‘zini band qilish uchun vaqtinchalik mehnat patentini kiritish, bunda patent egalariga rag‘batlantiruvchi imtiyozlarni joriy etish tartib yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kirish haqida topshiriq qayd etilgan.

Ushbu tartibda quyidagilarni nazarda tutish alohida aytib o‘tilgan:

- o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarni vaqtinchalik mehnat patenti uchun to‘lovni amalga oshirgan davri mehnat stajiga kiritish;

- vaqtinchalik mehnat patenti orqali o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar pensiya olish huquqi paydo bo‘lganidan so‘ng ularga pensiya tayinlash huquqlarini berish;

- bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtiyozli kredit ajratish;

- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kasb-hunar kollejlari, “Ishga marxamat” markazi, kasbga o‘qitish (KOICA) markazlarida tadbirkorlik va kasbga o‘qitish kurslarida bepul o‘qitish;

- haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish va mehnat qurollarini ijaraga berish.