O‘zbekiston va Tojikiston axborot sohasida hamkorlik qiladi

Dushanbeda O‘zbekiston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirliklari maslahatlalarining birinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 5 dek - Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirliklari tashqi siyosiy faoliyatni yoritib borish va OAV bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari

2018-yilning 4-5-dekabr kunlari Dushanbe shahrida tashqi siyosiy faoliyatni yoritib borish va OAV bilan hamkorlik qilish bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlarning birinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Maslahatlashuvlar davomida ommaviy diplomatiya sohasidagi faoliyat bo‘yicha tajriba almashildi, O‘zbekiston va Tojikistonning har tomonlama rivojlanayotgan aloqalari nuqtayi nazaridan ikki davlat axborot tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

“Keyingi maslahatlashuvlar Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturiga muvofiq 2019-yili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat rahbarlari barcha sohalarda yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va aloqalarni kengaytirish to‘g‘risida kelishib olgan edilar, jumladan, axborot sohasida. Bugungi kunga kelib tomonlar o‘rtasida kelishilgan shartnomalar bajarilib, o‘z samarasini bermoqda. Tojikiston O‘zbekistonga joriy  yilning aprel-sentabr oylari davomida qariyib 1,4 milliard kVt/s elektr energiya yetkazib berganini misol tariqasida keltirishimiz mumkin.