O‘zbekiston va Britaniya Afg‘onistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor

Britaniya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlarini qayd etdi.
Sputnik

TOShKENT, 6 dek — Sputnik. London shahrida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Buyuk Britaniya Bosh vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha Maxsus vakili Garet Beyli ishtirokida O‘zbekiston – Britaniya maslahatlashuvlari o‘tkazildi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

O‘zbekiston terrorizm jahon indeksida nechanchi o‘rinda

Uchrashuvda Afg‘oniston va unga tutash mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi, afg‘onlararo muzokaralar jarayonini boshlash yuzasidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar borasida fikr almashildi.
Shuningdek, 2018-yil 27-martda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Afg‘oniston bo‘yicha nufuzli xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.

“Britaniya tomoni O‘zbekistonning “Tolibon” harakati hamda barcha Afg‘onistondagi siyosiy kuchlar ishtirokidagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlari dunyo hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini qayd etdi. Afg‘onistonda qo‘shma ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni, jumladan infrastruktura, madaniy-gumanitar hamda ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi”, - deyilgan xabarda.

O‘zbekiston terrorizmga qarshi faol kurash olib bormoqda. 21-24 noyabr kunlari ushbu muammoni xalqaro miqyosida “O‘zbekiston-Yevropa”  Hamkorlik kengashi majlisida va “Yevropa ittifoqi-Markaziy Osiyo” hududlararo uchrashuv doirasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov muhokama qilgan edi.