TOShKENT, 5 dek – Sputnik. Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan taqiqlangan yoki sifati kafolatlanmagan tovarlarni noqonuniy yo‘llar bilan olib kirishga bo‘lgan bir nechta holatlar aniqlandi, deb xabar qildi bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Jumladan “Yallama” chegara bojxona postiga “Neksiya” rusumli avtotransport vositasida kirib kelgan Z.A. ismli fuqaroning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, tegishli ruxsatnomalarsiz olib kirilishi taqiqlangan hamda belgilangan meyorlardan ortiqcha bo‘lgan narxi 5,3 mln. so‘mlik 1 dona uchuvchisiz uchish apparati, 1 dona elektroshoker, 14 shisha konyak va viskilarni noqonuniy ravishda respublikaga olib kirayotgani aniqlandi.
“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan X.T.ning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida esa og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan hamda tegishli meyordan ortiqcha bo‘lgan qiymati 6,8 million so‘mlik 19 turdagi, 342 dona ko‘zoynaklarni yashirib olib kirish holati aniqlandi.
"Mazkur post xodimlarida shubha uyg‘otgan yana bir fuqaro A.Sh. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan, bel va oyoq qismlariga skotchlab yashirilgan holda qiymati 2,4 million so‘mlik 48 dona uyali aloqa vositalarini respublikaga olib kirayotganida to‘xtatib qolindi", - deyilgan xabarda.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvi olib borilmoqda.