TOShKENT, 3 dek – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi haqidagi buyrug‘i Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatini tekshirish tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Mas’ul xodim Yagona tizimda prokuratura.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi hamda unga login va parol beriladi.
Tekshiruv o‘tkazishni kelishish uchun nazorat qiluvchi organ tomonidan Yagona tizimga ma’lumotlar kiritiladi. Kelishish uchun buyurtma uch ish kuni ichida, favqulodda holatlar bo‘yicha bir ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Tekshiruv o‘tkazishni kelishish haqida qaror qabul qilinganda “Ruxsat berilsin” maqomi, rad etilganda uning aniq sababi ko‘rsatilgan holda “Rad etilsin” maqomi tanlanadi.
Qonun buzilishi holatlari to‘g‘risidagi hamda tadbirkorga qo‘llanilgan ta’sir choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiruv yakunlangandan so‘ng uch ish kuni ichida Yagona tizimga kiritilishi shart, bank siriga oid ma’lumotlar tizimga kiritilmaydi.
Xabardor etish tartibida tekshiruv o‘tkazilganda uning to‘g‘riligi tekshirilmasdan, avtomatik ravishda maxsus raqam (kod) generatsiya qilinadi.
Nazorat qiluvchi organning tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i Yagona tizimga kiritilgandan so‘ng tekshiruv o‘tkaziladi.
Tadbirkor o‘z so‘roviga ko‘ra o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Yagona tizimdan qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida va Internet tarmog‘i orqali olishi mumkin.