TOShKENT, 29 noya – Sputnik. Toshkent shahar IIBB YHXB aeroport yo‘lidagi temir yo‘l kesishmasida yo‘l harakat qoidalarini buzgan haydovchilarga chora ko‘riladi, deb ma’lum qildi Sputnikga IIBB matbuot xizmati.
Bundan avval internetda 4 nafar haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda temir yo‘l kesishmasidan shoshib o‘tib ketishi tasvirga olingan video tarqalgandi.
“Ushbu holatda haydovchilar temir yo‘l kesishmasidan o‘tish qoidalarini buzishib, qarama-qarshi yo‘lga chiqib o‘tishgan. Temir yo‘l kesishmasida obgon qilish (quvib o‘tish) ta’qiqlangan. Toshkent shahar IIBB YHXB barcha huquqbuzarlarga chora ko‘radi, hozirgi vaqtda qidiruv ishlari olib borilmoqda”, - deb ta’kidlandi IIBB matbuot xizmatida.
Temir yo‘l kesishmasidan o‘tish qoidalari buzish uchun haydovchilar eng kam ish haqining 3 baravardan 5 baravargacha miqdorda jarima yoki olti oydan bir yil muddatgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Qarama-qarshi yo‘l yoki chiziqqa chiqish eng kam ish haqining 5 baravaridan 20 baravarigacha jarimaga yoki bir yil muddatgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilishiga sabab bo‘ladi.
Jarima miqdorini belgilashdi, haydovchilarning oldingi huquqbuzarliklari inobatga olinadi.
Haydovchilarning ishi ma’muriy sud tomonidan ko‘riladi.
Temir yo‘l kesishmasiga mas’ul bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” vakillariga ham voqea haqida ma’lumotlar yetkazildi.