TOShKENT, 27 noya - Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot-xizmati kuni kecha Shahrisabz – Qarshi avtomobil yo‘lida og‘ir harbiy texnikalardan iborat kolonna va "Lacyetti" avtomobili ishtirokida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan rasmiy axborot e’lon qildi.
"O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kecha, 26-noyabr kuni Shahrisabz – Qarshi avtomobil yo‘lida og‘ir harbiy texnikalardan iborat kolonna va “Lacyetti” rusumli avtomobili ishtirokida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilasiga chuqur hamdardlik bildiradi", - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mazkur ko‘ngilsiz hodisa yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan tegishli tergov ishlari olib borilmoqda.
Vazirlik fuqarolarga o‘z iltimosini yo‘llagan va ularni hushor va ogoh bo‘lishga chaqirgan.
"Ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimiz fuqarolaridan og‘ir harbiy texnikalar harakatlanayotgan vaqtda kolonnaga xalaqit bermaslikni, bunday paytlarda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishni hamda Yo‘l-patrul xizmati va Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi xodimlarining talablarini so‘zsiz bajarishlarini iltimos qilamiz", - deb yozadi vazirlik.