O‘zbekiston pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi

Monetar siyosatning 2019-yil va 2020-2021 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Sputnik

TOShKENT, 24 noya  — Sputnik.  2018 yil 24-noyabrda O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvining ochiq yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Monetar siyosatning 2019-yil va 2020-2021 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.

Ish haqi o‘zgarishi va yangi ish o‘rinlarini yaratish - Markaziy bank

O‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosatining muhim vazifalari sifatida inflyatsiya darajasini pasaytirish va inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish uchun asos yaratish, shu jumladan pul-kredit siyosati instrumentlari va transmission mexanizmlarini rivojlantirish kabi vazifalar belgilab olindi.

Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari dasturiy hujjat hisoblanib, u joriy makroiqtisodiy holat va tashqi iqtisodiy vaziyat tahlili, shuningdek tashqi va ichki sharoitlarning rivojlanish prognozlari asosida ishlab chiqilgan.

Mazkur hujjat o‘z ichiga, o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosatining maqsad va tamoyillari, pul-kredit sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlili va kutilayotgan natijalar, makroiqtisodiy rivojlanish ssenariylari hamda o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish choralarini qamrab olgan.

Avvalgi yillardan farqli ravishda joriy yilda asosiy yo‘nalishlar kelgusi 3-yillik davr uchun ishlab chiqilib, unda iqtisodiyotning rivojlanishi ssenariylar asosida ko‘rib chiqildi. Asosiy ssenariyga ko‘ra kelgusi yillarda iqtisodiy rivojlanish tendensiyalarining davom etishi va tashqi sharoitlarning sezilarli darajada o‘zgarmasligi hamda soliq sohasida va tarkibiy islohotlar borasida bosqichma-bosqich kutilgan natijalarga erishilib borilishi nazarda tutilgan. Muqobil (xatarli) ssenariyda esa, tashqi iqtisodiy sharoitlarning yomonlashuvi va amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlarning sekinlashuvi taxmin qilingan.

Iqtisodiyot rivojlanishining asosiy ssenariysiga asosan YaIM o‘sish sur’ati 2018-yil yakuniga ko‘ra 5,2 foiz, 2019-yilda esa 5,4 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda. O‘tgan va joriy yillarda investitsion faollikning oshishi hamda iqtisodiyotning real sektorida olib borilayotgan islohotlar natijasida keyingi yillarda iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini yanada tezlashishi kutilmoqda.

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi 16 %gacha oshdi

Asosiy ssenariydagi ko‘ra yillik inflyatsiya darajasining prognoz ko‘rsatkichlari 2018-yilda 16-17 foizni, 2019-yilda 13,5-15,5 foizni va 2020-yilda 10-12 foizni tashkil etadi. 2021-yildan boshlab yillik inflyatsiya darajasi bir xonali ko‘rsatkichgacha pasayishi kutilmoqda.

O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar investitsion faollikning oshishi natijasida iqtisodiyotda vujudga keladigan yuqori talab va tartibga solinadigan narxlarning liberallashtirilishi bo‘lishi kutilmoqda. Bunda, davlat korxonalarini isloh qilinishi (xususiylashtirishi) doirasida iqtisodiyotga kapital qo‘yilmalar hajmining o‘sishi keyingi yillarda investitsion faollikni rag‘batlantiruvchi asosiy omil bo‘ladi.

Asosiy ssenariyda soliq islohotlarining samarali amalga oshirilishi, “budjet qoidasi”ning amaliyotga joriy etilishi, fiskal va monetar siyosatlarning muvofiqligini takomillashtirilishi hamda iqtisodiyotni kreditlash hajmining o‘sish sur’atlarining maqbullashtirilishi (2019 yilda 25 foiz) ko‘zda tutilgan.

Muqobil ssenariyda esa, tashqi va ichki sharoitlarning yomonlashuvi hamda tarkibiy islohotlarning kutilgan natija bermasligi hisobiga 2019-yilda inflyatsiya darajasining 17-18 foizgacha o‘sishi kutilmoqda.

Ikkala ssenariyda ham Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda ehtiyotkorona yondashuvdan foydalanib, pul-kredit sharoitlarini bir maromda qat’iylashtirib borishni ko‘zda tutmoqda. Bunda, muqobil ssenariyda yanada qat’iyroq choralardan foydalaniladi.