Xovan qabristoni direktoriga 11-yil qattiq tartibli qamoq jazosi berildi

2016 yilda uch kishining o‘limiga olib kelgan ommaviy mushlashuvni tashkillashtirgan 17 kishiga sud hukmi o‘qildi.
Sputnik

TOShKENT, 15 noya – Sputnik. Moskva shahar sudi 2016-yilning may oyida migrantlar bilan ommaviy mushtlashuv tashkillashtirgan Xovan qabristoni direktori Yuriy Chabuyevni aybdor deb topdi va unga 11-yil qamoq jazosi berdi, deb xabar qilmoqda mahalliy OAVlar.

OAV: Xovan qabristoni sobiq direktori migrantlarni tovon to‘lashga majburlamoqchi bo‘lgan

Chabuyev mehnat migrantlarini qabristondagi xizmatlar bozoridan siqib chiqarish maqsadida tartibsizliklar tashkillashtirishda ayblandi. Qamoq jazosidan tashqari Chabuyevga 2-yil davomida davlat va munitsipal xizmat organlarida har qanday lavozimda ishlash ta’qiqlandi.

Undan tashqari, tartibsizlik tashkilotchilaridan yana biri – Aleksandr Bocharnikovga 9-yil qattiq tartibli qamoq jazosi berildi. Shuningdek, o‘z avtomobilida 2 kishini urib yuborib ularning o‘limiga sabab bo‘lgan Elbek Vaduyevga ham 11,5 yil qamoq jazosi berildi. Jinoiy ish yuzasidan umumiy hisobda 17 kishiga 4-yildan 13-yilgacha qamoq jazosi belgillandi. To‘plangan materiallar soni - 100 tomdan oshib ketdi.  

Sud xabarida aytilishiga ko‘ra Xovan qabriston direktori vazifasini bajaruvchisi Yuriy Chabuyev qabristonda ishlayotgan markaziy osiyolik migrantlar daromadidan 50%dan 90 %gacha “tovon” puli talab qilgan. Bunga migrantlar qarshilik bildirganidan so‘ng esa Aleksandr Bocharnikov boshchilik qilgan “Zdorovaya natsiya”  sport klubi sportchilarini jalb qilgan holda, migrantlarni jazolamoqchi bo‘lgan.

O‘liklar uchun jang: Xovan qabristonidagi ommaviy mushtlashuv kimga va nimaga kerak bo‘ldi?

Migrantlar ularning jazolanishi haqida ogohlantirilganidan so‘ng qabriston hududi OMON kuchlari yordamida qattiq qo‘riqlangan. Ikki hafta davomida hech narsa sodir bo‘lmaganidan so‘ng OMON qabristonni tark etgan. Shu kunning o‘zidayoq armatura va bitalar bilan qurollangan to‘da qabristonga hujum qilgan. Chabuyev panjara ortidan turib hammasini kuzatib turgan. 

Mushtlashuvda ishtirok etgan sportchilarning ayrimlari o‘z aybini to‘liq bo‘yniga olib sud bilan hamkorlik qilishga rozilik bergan. Shuningdek bir necha kishi mamlakatdan qochib ketib xalqaro qidiruvga berilgan.  

2016 yilning 14-may kuni sodir bo‘lgan ommaviy mushlashuvda 3 nafar migrant qurbon bo‘lgan. Huquqni saqlash organlari 112 kishini hibsga olgan.