TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Hududiy yo‘nalishlarga yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan Il-114 samolyoti 2023-yildan boshlab xaridorlarga yetkazib berila boshlaydi, deb xabar qildi “Il” ishlab chiqarish majmuasi vakili Ivan Kabatov, MyTashkent.uz sahifasi xabariga asosan.
Yangi samolyotlar to‘la-to‘kis Rossiyada ishlab chiqarilgan detallardan yig‘iladi va Rossiya dvigateli bilan jihozlanadi. Samolyotning turli, jumladan 62, 60, va 68 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan hamda katta yukxonaga ega bo‘lgaya variatsiyalari bo‘ladi.
Ushbu samolyotning asosiy xususiyatlaridan biri – uning har qanday aerodromdan, hatto uchish-qo‘nish yo‘lagi tuproqdan bo‘lgan (gruntoviy) aerodromlarda uchish va qo‘nish imkoniyatiga egaligidadir. Samolyot tezligi soatiga 500 kilometr, parvoz uzoqligi 4700 kilometrni tashkil qiladi. Yana bir xususiyati - samolyotdan eng issiq va eng sovuq hududlarda ham foydalanish mumkin. Umuman Il-114 juda universal mahalliy samolyotdir.
Eslatib o‘tamiz, Il-114 samolyoti Ittifoq davrida yaratilgan bo‘lib, dastlab uni Toshkent aviatsiya zavodida ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi. 1991-yilda TAPOiChda samolyotni ishlab chiqarish uchun barcha kerakli uskunalar o‘rnatilib, dastlabki sinov partiya samolyotlar ishlab chiqilgan edi. 1997-yilda samolyot ekspluatatsiya qilish huquqini beradigan MAK sertifikatini ham olgan edi.
Rossiyada ishlab chiqarilgan yangi IL-114ning dastlabki xaridorlari sifatida IIV, FVV, Mudofaa vazirligi va FSB aytilmoqda.